Bugun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Akademik litseyida Xalqaro Nordik universiteti rahbariyati, xorijiy hamkorimiz - Finlandiyaning Kareliya universiteti Prezidenti va fin ta'lim ekspertlari ishtirokida nufuzli tadbir tashkil etildi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev va nufuzli mehmonlar litsey tinglovchilarini yangi o‘quv yili bilan tabrikladilar.
Anjumanda XNU va JIDU o‘rtasida imzolangan memorandumga ko‘ra litseyda bo‘lajak xalqaro huquqshunoslarga fin ta'lim modellari asosida bilim berilishi e'tirof etildi. Ular uchun Finlandiya va boshqa Yevropa mamlakatlarida talabalar almashinuvi va o‘quv kurslari ham tashkil etilishi ma'lum qilindi.
Ma'lumot o‘rnida, Xalqaro Nordik universiteti litsey o‘quv rejalari ishlab chiqilishi va o‘quv jarayoniga xalqaro professor-o‘qituvchilarni jalb qilishda ko‘maklashmoqda. Litseyda XNU Foundation dasturi bo‘yicha ta'lim beriladi. Litsey bazasida "Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar", "Xalqaro biznes va Xalqaro huquq" ta'lim yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlar asosida o‘qitiladigan guruhlar tashkil qilinadi.